Namangan muhandislik-texnologiya instituti

2019 yil - Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili

Namangan Muhandislik-Texnologiya Instituti

2018 yil - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

Kafedralar

Qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi kafedrasi

Kafedra haqida

 «Qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi» kafedrasi mutaxassislik kafedrasi sifatida 2005-yilda qayta tashkil etilgan. 2015-yildan boshlab shu kunga qadar kafedra mudiri lavozimini texnika fanlari nomzodi, dotsent Xudayberdiyev Toxirjon Latifovich boshqarib kelmoqda.

 Kafedrada bugungi kunda 13 nafar professor-o'qituvchi asosiy shtatda faoliyat ko'rsatmoqda. Shulardan 6 nafari fan nomzodlari, (ulardan to'rt nafari dotsent), 2 nafar katta o'qituvchi, 5 nafar assistent va 3 nafar o'quv-yordamchi xodimlar bazaviy ma’lumoti bo'yicha faoliyat ko'rsatmoqda. Kafedraning ilmiy salohiyati 46% ni tashkil etadi.

 Kafedrada 2001-2002-o'quv yilidan 2010-yilgacha 5620500 - “Qishloq xo'jalik mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va ularni dastlabki qayta ishlash texnologiyasi” ta’lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar tayyorlangan. 2011-yilga kelib Oliy ta’lim yo'nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga kiritilgan o'zgarishlar hisobiga 5410500 - “Qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi” ta’lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar tayyorlanmoqda.

 Kafedrada “Mutaxassislikka kirish”, “Botanika va o'simliklar fiziolgiyasi”, “Melioratsiya va dehqonchilik ilmiy izlanish asoslari bilan”, “Meva va sabzavotlarni saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi”, “Qishloq xo'jalik mahsulotlarini quritish texnologiyasi”, “Fitopatologiya”, “Saqlash omborlarining turlari, tuzilishi va jihozlari”, “Qishloq xo'jalik mahsulotlariga tovar ishlov berish”, “O'simliklarni kimyoviy himoya qilish”, “Tuproqshunoslik va agrokimyo”, “Donni saqlash va birlamchi ishlov berish texnologiyasi” kabi bir qator fanlar o'qitiladi. Kafedrada o'qitiladigan fanlar bo'yicha zamonaviy pedagogik texnologiyalarga asoslangan o'quv-uslubiy majmualar, ma’ruza matnlari, laboratoriya mashg'ulotlarini bajarish uchun uslubiy ko'rsatmalar tayyorlangan bo'lib, o'quv mashg'ulotlari zamonaviy axborot vositalari va ilg'or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etiladi.


Kafedra mudiri

Xudayberdiyev Toxirjon Latifovich

Kafedra manzili:

NamMTI 3–bino,
3–qavat

Elektron pochta:

xudayberdiyev60@mail.ru

Telefon:

+99897 217 50 65

Faks:

+99869 228 76 71


  • T.Xudoyberdiyev - kafedra mudiri
  • T.Mamatov - dotsent
  • A.Merganov - dotsent
  • H.Boltaboyev - dоtsent
  • A.Mirzayev - dotsent
  • B.Norinboyev - dotsent
  • Sh.Hakimov - katta o'qituvchi
  • I.Karimov - assistent
  • I.Qurbonov - assistent
  • N.Tursunov - assistent
  • Z.Abdullayev - assistent
  • N.Sayfullayeva - assistent
  • A.Jamolov - assistent
  • Sh.Sodiqova - kabinet mudiri
  • Z.Uzoqova - laborant

 Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan “Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish, saqlash va ularni dastlabki qayta ishlash texnologiyasi”,“Urug‘larni aniq ekuvchi qo‘l seyalkasi”, “Bog‘bon zanjirli universal minitraktori”, “Kartoshka tuganaklaridan kraxmal olish texnologiyasi”, “Kavar (Sapparis Spinoza) o‘simlik mevasidan shifobahsh konserva mahsulotlari tayyorlash texnologiyasi”, “Yong‘oq mevasi po‘stlog‘ini ajratish qurilmasi”, “Suriya tur anorini maxalliylashtirish va mevasidan sharbat tayyorlash texnologiyasi”, “Bodom, o‘rik danagini va eryong‘oqni chaqish qurilmasi” kabi mavzularda ilmiy-tadqiqot ishlari iqtidorli talabalar ishtirokida olib borilmoqda.

 Har yili Toshkentda o‘tkaziladigan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyixalar Respublika yarmarkasi”da kafedra professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar o‘zlarining innovatsion loyihalari, ilmiy-texnik ishlanmalari bilan qatnashmoqdalar, diplomlarga ega bo‘lishmoqda. Professor-o‘qituvchilar tomonidan Respublika va xalqaro jurnallarda muntazam ravishda ilmiy maqolalar chop ettirib kelinmoqda.

 Kafedramiz iqtidorli talabalari har yili Respublika fan olimpiadalarida va turli sport musobaqalarida faol ishtirok etib yutuqlarga ega bo‘lishmoqda, shulardan 2014 yilda Abdusattorov Baxtiyor, 2015-yilda Mamajonov G‘aybullo, 2016-yilda Xudayberdiev Furqat, 2017-yilda Davlyatov Azizbeklar «Beruniy» nomli davlat stipendiyasi g‘oliblari bo‘lishdi. 2017-2018-o‘quv yilida Respublika sport musobaqalarida 2-kurs talabalari Yulchiev Madiyor va Begalieva Shaxzoda o‘z vaznida Kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari bo‘lishdi, diplomlar bilan taqdirlandilar.

 Professor-o‘qituvchilar har yili ToshDAU qoshidagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markazida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malakalarini oshirib malaka attestatiga ega bo‘lishmoqda. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-texnik ishlanmalarni tarmoq ishlab chiqarish korxonalariga tadbiq qilish bo‘yicha amaliy grant loyihalari tuzildi. Jumladan, 2018-yilda dots.A.Merganov rahbarligida “Kavar (Sapparis Spinoza) o‘simlik mevasidan shifobahsh konserva mahsulotlari tayyorlash texnologiyasi”mazudagi ITIga 70 mln. so‘mga, dots.X.Boltaboev rahbarligida “Paxtaning serhosil va ertapishar navini yaratish”mavzudagi ITIga 90 mln. so‘mga grant loyihalari bajarilmoqda.

 2017-yil mart va aprel oylarida bog‘dorchilik va uzumchilikka yaratilgan yangi “Bog‘bon” universal zanjirli minitraktori Namangan viloyati televideniyasida, “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom O‘zbekiston” ko‘rsatuvida,“Axborot” informatsion teledasturida namoyish etildi va unda X.Xodinazarov va kafedra mudiri T. Xudayberdievlar birgalikda intervьyu berishdi. 2017-yil 11-12 mayda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “10-Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi”da yangi yaratilgan minitraktor namoyish etildi va ko‘pchilikka ma’qul keldi.

 Kafedrada Namangan viloyati o'rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi Uchqo'rg'on axborot texnologiyalari va servis KHK, Uchqo'rg'on tumani Yangiyer qishloq xo'jalik KHK, Chust Baymoq Agrosanoat KHKlari bilan o'quv-uslubiy hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo'yicha o'zaro hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan.

 Kafedrada viloyatimizdagi ko'pgina ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar va xususiy ishlab chiqarish firmalari bilan, jumladan, Chortoq shahri “Billur Arkon” xususiy korxonasi,Namangan viloyati Fermerlar Kengashi,“O'zvinosanoat-holding” kompaniyasi “Namanganvino” AJ, “Uchqo'rg'ondonmasulotlari” AJ, Kosonsoy tumani «Chashmai Safed» ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi , “O'zvinosanoat-holding” kompaniyasi “Yangiqo'rg'on sharobi” MChJ , “Namangan oziq-ovqat agroeksport” ulgurji hududiy baza MChJ, “Musaffo iqlim trans servis” xususiy korxona MChJlar bilan kadrlar tayyorlash, innovatsion hamkorlik, talabalarning amaliyotlar o'tkazishi, ilmiy-amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha shartnomalar tuzilib, o'zaro hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan. Kafedrada o'qitiladigan ta’lim yo'nalishi bo'yicha talabalar ushbu korxona va tashkilotlarda malakaviy amaliyotlarni o'tkazib kelishmoqda. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti,Farg'ona politexnika instituti, “Paxta selektsiyasi, urug'chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari” ITI Namangan ilmiy-tajriba stantsiyasi, Akademik M.Mirzayev nomli bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Namangan eksperimental xo'jaligi bilan mavjud ilmiy-texnik muammolarni bartaraf etishda kafedra professor-o'qituvchilari va iqtidorli talabalar ular bilan hamkorlikda ITIlarni olib borishmoqda.

 Kafedrada professor-o'qituvchilari va kafedra tasarrufidagi akademik guruhlar talabalari institutda o'tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelishmoqda. Kafedra professor-o'qituvchilari o'zlariga biriktirilgan akademik guruhlarda murabbiylik- ma’naviyat soati darslari bilan bir qatorda ular bilan doimiy ravishda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o'tkazib kelishmoqda. Talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari maqsadida kafedrada fan to'garagi, talabalar turar joyida kafedra kuni tadbirlari tashkil etilgan.

 Xususan kafedra professor-o'qituvchilari 2014-yil 21 dekabr kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov jarayonlarida va 2016-yil 4 dekabr kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rishda, saylov uchastkalaridagi saylovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko'rib tahlil qilishda, saylov uchastkalarining moddiy texnik bazasi holati va shu kabi saylov oldi tayyorgarliklarida, belgilangan saylov uchastkalarida mutasaddi rahbarlar boshchiligida ishtirok etishdi.

 Bundan tashqari, kafedra professor-o'qituvchilari Mahalla fuqarolar yig'inlarida har oyning birinchi yakshanbasida bo'lib o'tayotgan “Mahalladoshlar kengashi” da ham ishtirok etib, viloyatimizning ayrim mahallalarida targ'ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishdi.