Namangan muhandislik-texnologiya instituti

2019 yil - Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili

Namangan Muhandislik-Texnologiya Instituti

2018 yil - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

Yangiliklar

Tinchlik eng oliy ne’mat

Muharrir NamMTI Matbuot Xizmati | 24.01.2019 14:55


Namangan muhandislik-texnologiya institutida Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda “Tinchlik – eng oliy ne’mat” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Muloqotda institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tayyorlangan “Islom: mohiyat va talqin” ko‘rsatuvi namoyish etildi. Unda din mutaxassis-ekspertlari Islom dinining asl mohiyati, jihod tushunchasi va shartlari, bosqichlari haqida to‘laqonli va asosli ma’lumot berishadi. Shuningdek, mazkur ko‘rsatuv orqali yovuch kuchlarning sodda kishilarni jihod tushunasini noto‘g‘ri anglash va talqin etish oqibatida turli fitnalar qo‘zg‘atish, jirkanch ishlarga boshlayotgani aks ettirilgan. Taassufki, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, o‘z Vataniga xiyonat qilgan kimsalar ham oramizda uchrab turayotganligi achchiq haqiqatki, bundan aslo ko‘z yummaslik, doimo ogoh, hushyor bo‘lish lozim. 
Tadbirning muloqot qismida institut rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Odiljon Mamatkarimov so‘zga chiqib, bugungi kunda tinchlik va osoyishtalik har birimiz uchun bebaho, aziz ne’mat ekanligini ta’kidladi. Talabalarni yon atrofimizda yuz berayotgan har qanday o‘zgarishlarga nisbatan befarq va loqayd bo‘lmaslikka chaqirdi.
Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasining mas’ul xodimlari o‘z so‘zida diniy ekstremizm va terrorizm chegara bilmasligi, ko‘plab begunoh insonlar umriga zomin bo‘layotganligi, o‘sib kelayotgan ayrim g‘o‘r yoshlar yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani va bu yomon oqibatlar keltirib chiqarayotganini qayd etdi. Qabih niyatli kimsalarning so‘nggi paytlarda internet orqali tarqatayotgan xom-hayol tahdidlari eng avvalo tinch va osoyishta yurt ahlida xavotir uyg‘otish maqsadini o‘z ichiga olgani ta’kidlandi. 
Tarixdan yaxshi ma’lumki, har bir davrning o‘ziga xos muammolari bo‘lgan. Ularni bartaraf etish uchun ajdodlarimiz qanday yo‘l tutishgan? Avvalambor, ma’naviyat, ilmu urfon, ota-bobolari tomonidan qoldirilgan ma’naviy me’rosga tayanib, tarbiyaga intilishgan. Shunday ekan, biz ham yovuz kuchlarning bunday xurujlariga javoban, “fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi ma’rifat bilan” kurashmoq joiz. 
Muloqotda so‘z olgan Namangan shahridagi “Abdulloh ibn Mas’ud” jome’-masjidi imom xatibi Abdulbosit Mamadaliev pok ezgulik va yaxshilik, tinchlik dini bo‘lgan Islom dinida ekstremizm va terror degan jirkanch baloga o‘rin yo‘qligi, muqaddas manba – Qur’oni karimda odamlarni yomonliklardan, insonlarga ozor etkazishdan qaytarish ko‘p bora bayon qilinganligi aytib o‘tdi. 
- Yaqinda shahrimizga Pokistondan mehmonlar kelishdi. Karachi shahridagi masjidlardan birida faoliyat yuritadigan hamkasblarimiz masjidimizda bomdod namozini ado etishdi. Tashqariga chiqib, emin-erkin odamlarni bemalol mashinalarida manzillari tomon yo‘lga otlanganini ko‘rgan mehmon: “yurtingizdagi dorulomon kunlar, barqarorlik, osuda va ozoda ko‘chalar, samimiy insonlarga havasim ortdi. O‘zbekiston ahli bunday osoyishta hayotni asrab-avaylashlari kerak”, deb o‘z hayratlarini izhor qilishdi, - dedi imom xatib talabalarga qarata. Demak, shu nuqtai nazardan ham barchamiz muqaddas diyorimizdagi tinchlikning qadriga etmog‘imiz lozim.
- Sayyoramizda yashayotgan 7 milliarddan ziyod kishining har birining o‘z qarashi, turfa fikrlariga ega. Biroq shuni unutmaslik kerakki, mafkurasi bo‘sh, fikrlash darajasi past bo‘lgan shaxslar ham borki, bu g‘araz maqsadlari yo‘lida foydalanadiganlarga qo‘l kelishi turgan gap, - deydi  institut engil sanoat texnologiya fakulьteti talabasi Diyora Abdulhamidova. - Shunday ekan, biz yoshlar loqaydikka va befarqlikka berilishiga haqqimiz yo‘q. Bugungi muloqot mazmunidan kelib chiqqan holda, eshitganlarimizni muhim ahamiyatga ega ekanligini nafaqat talaba tengdoshlarimizga, balki o‘zim istiqomat qilayotgan Chust tumani Hisorak mahallasidagi hamyurtlarimga, tengqurlarimga, yaqinlarimga ham so‘zlab beraman.
Uchrashuvda talabalar tadbirga taklif etilgan mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga bafurja javob oldilar.

 

Namangan muhandislik-texnologiya instituti matbuot xizmati.

FOYDALI HAVOLALAR