Namangan muhandislik-texnologiya instituti

2018 yil - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

Namangan Muhandislik-Texnologiya Instituti

2018 yil - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

Davlat ramzlari

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Gerbi

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Gerbi — Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy davlat ramzi.

1992-yil 2-iyulda qabul qilingan. Davlat gerbi — davlat mustaqilligining ramzlaridan biridir.

Davlat gerbi dumaloq koʻrinishga ega boʻlib, bu shaklning soʻl tomoni rizq-roʻzimiz timsoli — bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni esa oʻzbekning dongʻini dunyoga taratgan bebaho boyligimiz — chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan, uzoqdagi togʻlar va daryolar manzarasida gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi, ayni paytda bu Oʻzbekistonning serquyosh mamlakat ekanligini ham bildiradi.

Gerbning yuqori qismida esa Oʻzbekiston ozodligining ramzi sifatida sakkizburchak yulduz, uning ichki qismida yarimoy va yulduz, markazida — baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Xumo qushi tasvirlangan.

Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar tasmasiga „Oʻzbekiston“ deb yozib qoʻyilgan.


Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Bayrogʻi — 1991-yil 18-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonun qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i ramzi mamlakat hududida ilgari mavjud bo’lgan g’oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo’lgan eng yaxshi an’analarni daaom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o’zligini ham aks ettiradi.

Bayroqdagi havorang – zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Moviy - lojuvard – havorang Sharqda azaldan qadrlanadi, vaqtida buyuk Amir Temur ham o’z bayrog’iga bu rangni tanlagan.

Oq rang – tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat o’z yo’lida baland dovonlardan oshib o’tishi kerak. Bayroqdagi oq rang O’zbekiston Respublikasi tanlagan yo’lning musaffo va charog’on bo’lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.

Qizil yo’llar – bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot ramzidir.

Yashil rang – serne’mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda; uning ramzi ham yashil rangdir.

Yarimoy – O’zbekiston xalqining ko’p asrlik an’analariga muvofiq keladi. Yarimoy va yulduzlar musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir. Bayroqdagi 12 yulduz tasviri mukammallik belgisidir.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi

"Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi" haqidagi qaror 1992-yilning 10-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasining Yuqori Kengashinig 11-chaqirigʻida qabul qilingan. Ushbu madhiya 1992-yildan hozirgi paytgacha Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi hisoblanadi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov soʻzi, Oʻzbekiston xalq bastakori Mutavakkil Burxonov musiqasi.

Matni

Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!
Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!

Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!